O‘ZBEKISTON: SUV OMBORLARI — SARDOBA

Munisa A’zamova
8 min readJun 15, 2020
O‘ZBEKISTON: SUV OMBORLARI — SARDOBA. MUNISA A’ZAMOVA

O‘zbekistonda sun’iy suv havzalari — suv omborlari ko‘p. Ularning bahorgi, qishgi, kuzgi suvlarni to‘plab, yozda ekin dalalariga berish maqsadida qurilgani bizga ma’lum. Bir oy oldin Sardobadagi fojia ko‘pchilikni dovdiratib qo‘ydi. Mamlakatimiz hududida joylashgan suv omborlari haqidagi ushbu maqola orqali sizda taqqoslash imkoni osonlashadi va fojia “sabab”larini ko‘ra boshlaysiz.

Infografika

Tuyamo‘yin suv ombori — Amudaryoning quyi oqimidagi Tuyamo‘yin tor darasida qurilgan yirik gidrotexnika inshooti bo‘lib daryo suvini irrigasiya va energetika maqsadlarida mavsumiy rostlash uchun xizmat qiladi. Gidrouzel qurilishi 1970 yilda boshlangan, 1983 yilda to‘liq ishga tushirilgan. Umumiy hajmi 7800 mln.m³. Suv ombori 4 ta — 1 ta o‘zanli va chap sohildagi tabiiy chuqurliklarda barpo etilgan, suv uzatilib to‘ldiriladigan 3 ta ombordan (Kaparas, Sultonsanjar, Qo‘shbuloq) iborat. Gidrouzel Amudaryoning chap va o‘ng sohillariga suv chiqarishni ta’minlaydi.

Tuyamo‘yin suv omborining qurilishi bilan Xorazm viloyati, Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumani hamda Turkmanistonning Toshhovuz viloyatida yangi yerlarni o‘zlashtirish, sug‘oriladigan yerlarning suv ta’minotini yaxshilash imkoniyati yaratildi. Gidrouzel zonasida daryoning o‘ng qirg‘og‘ida Paxtaarna, Qozoqyob, Beshtom, Nayman va Qizilqal’a, chap qirg‘og‘ida Toshsoqa, Qilichniyozboy, Qipchoq-Bo‘zsuv, Xorazm viloyatida Pitnakarna, Urgancharna va boshqa kanallarga suv chiqargichlar barpo etilgan.

Chorvoq suv ombori — Chirchiq daryosining boshlanish qismida qurilgan (1963–70) gidrotexnika inshooti. Qishloq xo‘jaligini bir me’yorda suv bilan ta’minlash, toshqinlarning oldini olish va gidrotexnika maqsadlarida barpo etilgan. Daryo suvini mavsumiy tartibga soladi. Suv ombori Chatqol va Ugom tog‘lari orasiga qurilgan. Tosh tuproqli to‘g‘oni uzunligi 768 m, balandligi 168 m, yuqori qismining eni 12 m. To‘g‘onda Chorvoq GESni suv bilan ta’minlash uchun uzunligi 800 m va diametri 11 m bo‘lgan 2 ta tunnel bor. Suv omboriga Piskom, Ko‘ksuv, Chatqol daryolari quyiladi.

Suv oqimi ko‘payib, xatarli darajaga yetganda suvni chiqarib yuboradigan shaxtali (1200 m³/sek) va 2 ta pog‘onali (450 m³/sek va 500 m3/sek) suv tashlagichlar bilan jihozlangan.

Chorvoq suv ombori Chirchiq — Bo‘zsuv suvenergetika traktini bir me’yorda suv bilan ta’minlaydi. Uning barpo etilishi bilan suv kam bo‘lgan yillari Toshkent vohasidagi va Qozog‘iston Respublikasi Janubiy Qozog‘iston viloyatidagi 355 ming ga dan ortiq yerni barqaror suv bilan ta’minlash (shundan yangi o‘zlashtirilgan yerlar 150 ming ga), Chirchiq daryosining yuqori oqimida ro‘y beradigan suv toshqinlariga barham berish imkoniyatlari yaratildi.

Suv ombori sohillarida yirik dam olish majmualari ham barpo etilgan.

Chorvoq suv ombori

Andijon suv ombori — Andijon viloyati, Qoradaryoda qurilgan gidrotexnika inshooti. Ko‘p yillik rejimda daryo suvini tartibga soladi. Irrigasiya-energetika maqsadlariga mo‘ljallangan bo‘lib uning qurilishi 1982 yilda nihoyasiga yetgan. Andijon suv ombori balandligi 121 m, uzunligi 1040 m bo‘lgan betonli katta kontrforeli to‘g‘on qurib hosil qilingan. Suv sig‘imi 1,9 mlrd.m3. Gidrouzel tarkibiga to‘g‘on, suv o‘tkazuvchi inshootlar va GES kiradi. Suv o‘tkazuvchi inshootlar favqulodda toshqinda 1700 m³/s gacha suv o‘tkazishga va umumiy suv sarfi 230 m³/s bo‘lgan irrigasiya kanallariga oqizishga mo‘ljallangan. GES kanallarga tushayotgan suv hisobiga ishlaydi, 192 m³/s suv sarfiga mo‘ljallangan, quvvati 140 MVt. Andijon suv ombori suvi Farg‘ona vodiysida 273 ming ga maydonning suv ta’minotini yaxshilaydi va qo‘shimcha 35 ming ga yerni sug‘orish imkoniyatini beradi.

Andijon suv ombori

Tallimarjon suv ombori — Qashqadaryo viloyatidagi yirik gidrotexnika inshooti. Qarshi magistral kanali etagida barpo etilgan. Tallimarjon temir yo‘l stansiyasi yaqinida, Amudaryo va Qashqadaryo o‘rtasida suvayirg‘ich vazifasini bajaruvchi tekislikda joylashgan. 1965–73 yillarda qurilgan. 1977 yilda qisman, 1985 yil to‘liq ishga tushurilgan. Qarshi magistral kanali suvi bilan kuzgi-qishki mavsum — 6 oy davomida to‘ddiriladi. Uzunligi 14 km, kengligi 5,5 km, o‘rtacha chuqurligi 19,8 m, umumiy hajmi 1,53 mlrd.m³, foydali ish hajmi, 1,4 mlrd.m³. Tallimarjon suv omborining asosiy inshootlari majmui 1 va 2 tuproq to‘g‘onlari, nasos styasi, suv oqib keladigan va chiqib ketadigan kanal, drenaj, nasos styasidan iborat. Suv qudratli elektr nasoslari orqali 26,6 m balandlikkacha ko‘tarilib beriladi. Qarshi cho‘lida o‘zlashtirilgan qo‘riq yerlarni suv bilan ta’minlaydi.

To‘dako‘l suv ombori — Navoiy viloyati hududi hamda Buxoro shahridan 26 km sharqdagi tabiiy soylikda, Quyimozor suv omborining janubi-g‘arbida barpo etilib, 1968 yilda ishga tushirilgan.

Suv ombori 1977 yilda rekonstruksiya qilingan. To‘liq hajmi 800 mln. m³. Suv yuzasining maydoni 17,5 km², o‘rtacha chuqurligi — 4,8 m. To‘g‘oni balandligi 4 m, maksimal suv chiqarish imkoniyati 46,0 m³/sek. O‘rtacho‘l kanali orqali Zarafshon daryosining ortiqcha suvlarini jamg‘aradi, Amu-Buxoro mashina kanali orqali Amudaryodan to‘ldiriladi. Kanalning etak qismidagi yerlarni qo‘shimcha suv bilan ta’minlaydi. Tutashtiruvchi kanal orqali Quyimozor suv omboriga suv beradi. To‘dako‘l suv omborida baliqchilik xo‘jaligi bor.

To‘dako‘l ko‘li va Quyimozor suv ombori hududida hozirda 34 xil o‘simlik o‘sadi va ulardan 8 turi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan, 12 turi esa Markaziy Osiyo endemikasi sanaladi.

E’tiborli tomoni, O‘zbekiston va Rossiya hamkorligidagi atom elektr stansiyasi (AYeS) aynan shu suv ombori yaqinida qurilishi rejalashtirilgan. Mas’ullar To‘dako‘lni AYeS qurilishi uchun zarur resurslar yetkazib berilishiga eng qulay, xavfsizlik jihatidan eng ma’qul joy sifatida ta’riflagan.

To‘dako‘l suv ombori

Kattaqo‘rg‘on suv ombori — gidrotexnika inshooti, O‘zbekistonda birinchi qurilgan suv ombori. Kattaqo‘rg‘on shahri yaqinida tabiiy chuqurlikda barpo etilgan. Kattaqo‘rg‘on suv ombori Zarafshon vodiysidagi ekin maydonlarini suv bilan ta’minlaydi va Zarafshon (Qoradaryo) daryosi suv rejimini tartibga soladi, sel va toshqin suvlarini jamg‘aradi. 1940–51 yillar davomida qurilib, foydalanishga topshirildi. Kattaqo‘rg‘on suv omborining asosiy inshoot kompleksi suv chiqargichli to‘g‘on, suv keltiriladigan va suv oqib ketadigan kanallardan iborat. Suv omborining hajmi yildan-yilga oshirib borildgan. To‘g‘on (maksimal balandligi 28,62 m, uzunligi 3915 m) va quloqlarning rekonstruksiya qilinishi natijasida (1968 yilda) Kattaqo‘rg‘on suv ombori sig‘imi 900 mln.m³ga yetkazilgan, shundan foydali sig‘imi 840 mln.m³.

Kattaqo‘rg‘on suv ombori suvi bilan Samarqand, Buxoro viloyatlaridagi 94 ming ga yer sug‘oriladi va 150 ming ga yerning suv ta’minoti yaxshilangan. Ombor suvi kanal bilan Qoradaryoga quyiladi.

Kattaqo‘rg‘on suv ombori

Janubiy surxon suv ombori — Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani hududida, Surxondaryoning o‘rta oqimida, Zarkamar va Xo‘jamulki to‘qayi o‘rnida 1958–67 yillarda bunyod etilgan yirik suv ombori. Daryo havzasining eng tor yerida to‘g‘on qurilgan. Daryo suvini mavsumiy tartibga soladi. Uzukligi 20 km, maksimal eni 6,2 km, o‘rtacha eni 2,96 km, maksimal chuqurligi 27 m, o‘rtacha chuqurligi 12 m. To‘la suv sig‘imi 800 mln.m3, foydali suv sig‘imi 610 mln.m3. Suv sathi yuzasi 65 km2.

Janubiy Surxon suv ombori daryoning kayiri va uch terrasasida joylashgan. Asosiy inshootlar tarkibiga tuproq to‘g‘on, ehtiyot tashlama va Sherobod magistral kanaliga suv beradigan o‘ngqirg‘oq suv chiqargich (suv sarfi 150 m3/s) kiradi. Suv ombori Sherobod cho‘lidagi 71 ming ga yerni o‘zlashtirish hamda ilgaridan sug‘oriladigan 52 ming ga yerning suv ta’minotini yaxshilash imkonini berdi. Suv omborida ko‘pgina baliq turlari urchitib ko‘paytiriladi va ovlanadi.

Interaktiv foto. Janubiy Surxon suv ombori

Chimqo‘rg‘on suv ombori — Qashqadaryoning o‘rta oqimida qurilgan gidrotexnika inshooti. Qashqadaryo viloyati hududida, Qarshi shahridan 60 km sharqda. Chimqo‘rg‘on suv ombori qurilishi 1958 yilda boshlanib, 1960 yildan doimiy foydalanishga topshirilgan. To‘la sig‘imi 500 mln.m³, foydali sig‘imi 450 mln.m³. Suv yuzasi sathi 49,2 km², suv ombori o‘zan tipida.

Qashqadaryo oqimini mavsumiy tartibga solish uchun mo‘ljallangan. Qashqadaryo viloyatining Qamashi, Qarshi, Gʻuzor va Koson tumanlaridagi 188 ming ga yerni sug‘oradi. Chimqo‘rg‘on suv ombori tarkibiga tuprokli to‘g‘on, minorali suv chiqargich, quyi betda joylashgan chap sohil (27 m³/s) va o‘ng sohil (22 m³/s) bosh taqsimlagichlari kiradi. To‘g‘on balandligi 33 m. Minorali suv chiqargich sug‘orish uchun suv berish va ayni vaqtda ortiqcha suvni chiqarib tashlash uchun mo‘ljallangan.

Karkidon suv ombori — Farg‘ona viloyati Quvasoy daryosidagi gidrotexnika inshooti. Suv ombori Farg‘ona viloyati Kuva tumani bilan Qirg‘iziston Respublikasi chegarasida, Nazarota tog‘oldi bilan Quvasoy vodiysi adirlari oralig‘idagi tabiiy botiqda qurilgan. Birinchi navbati 1961–63 yillar oxirida, ikkinchi navbati 1967 yilda qurib bitirildi.

Karkidon suv ombori to‘g‘oni balandligi 70 m, uzunligi 420 m. Umumiy hajmi 218,4 mln.m³, foydali hajmi 211,5 mln.m³; suv yuzasi maydoni 9,65 km². Karkidon suv omboridan suv chiqarish inshooti va maxsus kanal orkali suv Janubiy Farg‘ona kanalita oqib o‘tadi. Suv ombori qurilishi Farg‘ona viloyatining Quva, Oxunboboyev, Oltiariq, Farg‘ona tumanlari ekin maydonlari suv ta’minotini yaxshiladi.

Karkidon suv ombori

Ohangaron suv ombori — Toshkent viloyatida, Ohangaron daryosi o‘zanida qurilgan gidrotexnika inshooti. 1989 yilda ishga tushirilgan. Umumiy hajmi 260 mln.m³, to‘g‘onning maksimal balandligi 100 m, suv o‘tkazish imkoniyati 480 m³/sek. Ohangaron daryosi suvini mavsumiy tartibga soladi. Toshkent viloyatidagi Ohangaron, O‘rta Chirchiq, Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi yerlar mazkur ombordan sug‘oriladi.

Ohangaron suv ombori

Quyimozor suv ombori — Buxoro viloyatida Quyimozor va Kogon temir yo‘l stansiyalari oralig‘ida joylashgan. 1958 yilda Zarafshon daryosining etak qismidagi chuqurliklardan birining atrofini ko‘tarib qurilgan. Suv omborining kosasi qumtosh aralash loyqalardan tashkil topgan yotqiziqlarda joylashgan. Dastlabki suv hajmi 280 mln.m³, maydoni 16,2 km². Eng keng joyi 5 km, o‘rtacha chuqurligi 17 m, eng chuqur joyi 40 m. 1968 yilda suv ombori kosasining qirg‘oqlari 2 m dan ortiq baland marzalar bilan ko‘tarilgan. Uning suv hajmi 350 mln.m³ gacha, maydoni 17,3 km²ga yetkazilgan. Quyimozor suv omboriga maxsus kanal (18 km) orqali Zarafshon daryosidan suv keltiriladi.

Suv omborida suv sathi o‘zgarib turadi. Quyimozor suv ombori tarkibiga Xorxo‘r va Duoba gidrouzellari kiradi. 1965 yildan beri undan Amu-Buxoro mashina kanali suvini tartibga solish maqsadida foydalaniladi. Magistral kanal bilan birgalikda suv ombori 94 ming ga yerni sug‘oradi.

Quyimozor suv ombori

Pachkamar suv ombori — Qashqadaryoning kam suvli chap irmog‘i — Gʻuzor daryosida barpo etilgan yirik gidrotexnika inshooti. Gʻuzor tumani markazidan 15 km yuqorida joylashgan. Kattao‘ra va Kichiko‘ra daryolaridan to‘ldiriladi. Qurilish ishlari 1964 yilda boshlanib, 1967 yilda foydalanishga topshirilgan.

Suv ombori daryoning mavsumiy va qisman ko‘p yillik suv rejimini tartibga soladi. To‘g‘onning ustki uzunligi 593 m, balandligi 68 m. Suv omborining o‘ng qirg‘og‘ida uzunligi 198 m va maksimal balandligi 12 m bo‘lgan ko‘tarma damba qurilgan. Omborning o‘ng sohilida suv sarfi 30 m³/s bo‘lgan suv chiqargich qurilgan. Suv chiqargichning quyi qismiga 2 ta konussimon rostlagich o‘rnatilgan. To‘g‘onning chap tomonida suv sarfi 260 m³/s (favqulodda toshqinlarda suv sarfi 480 m³/s) bo‘lgan suv tashlagich — Chap sohil kanali ochiq holda qurilgan.

Sardoba suv ombori — 2017 yil Sirdaryo viloyatining Janubiy Mirzacho‘l kanali markaziy tarmog‘i oqib o‘tgan hududida qurilgan. Suv sig‘imi 930 million m³, balandligi 28,8 m. Suv omborining qurilishi 2010 yil boshlanib, 2017 yil yakunlandi. Uni qurishdan maqsad Sirdaryo va Jizzax viloyatlarining unumdor yerlaridan foydalanib, qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini oshirish bo‘lgan. Suv ombori atrofida dam olish hududi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan edi. Suv ombori qurilishida “O‘zbekiston temir yo‘llari”ga qarashli “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” korxonasi bosh pudratchi, 10 dan ortiq kompaniyalar subpudratchi bo‘ldi. Sardoba suv omborining qiymati 1,3 trillion so‘m (404 million AQSH dollari)ni tashkil etdi. Joriy yil 1 may kuni ombor o‘pirilib, O‘zbekistonning Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlari va Qozog‘istonning Paxtaorol tumanidagi o‘nlab aholi punktini suv bosdi…

Sardoba suv ombori to’g’oni
JuxtaposeJS

Fojianing oqibatlari, va’j qilinayotgan sabablar sizga ma’lum. Shunchaki ko‘z yumib ketish qiyin, shunchaki qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” xavotirlik…

Munisa A’zamova

--

--